Namangan viloyatida yana bir YPX xodimi halok bo‘ldi, uni piyodalar o‘tish joyida Onix haydovchisi urib yubordi, deb yozadi Kun.
YTH 25-noyabr kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Navoiy viloyati IIB YHXB xodimi Doniyor Nurullayev piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan vaqtida uni Onix avtomobili urib yuborgan. Ma’lum qilinishicha, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan yigit rulda bo‘lgan. Xodim og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Doniyor Nurullayev Namanganga davolanish va sog‘lig‘ini tiklash uchun kelgan. 28 yoshli YPX xodimi ikki farzandning otasi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, xuddi shunday holat Namangan viloyati Davlatobod tumanida ham sodir bo‘lgandi. O‘shanda haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan boshqa bir Onix haydovchisi ham huquq-tartibot idoralari xodimlarining talablariga bo‘ysunmay, YPX xodimini urib yuborgan. Inspektor og‘ir jarohatlar tufayli shifoxonaga olib ketilayotganda yo‘lda vafot etgan, uning xotini va uch nafar farzandi qolgan.




















