Namangan viloyatida “Ko‘mir ta’minot” mas’ul xodimi 40 ming dollar pora talab qildi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

“Ko‘mir ta’minot” viloyat filiali boshlig‘i o‘rinbosari yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlarini ro‘kach qilib, fuqaroni viloyat tumanlaridan birida ko‘mir ombori mudiri lavozimiga tayinlash, shuningdek, omborga ko‘mir ortilgan vagonlarni ko‘paytirish evaziga 40 ming dollar talab qilgan.

6-dekabr kuni u so‘ralgan puldan 25 ming dollarni filial xodimi orqali olib, fuqaroga ish bergan. Keyinroq u qolgan 15 ming dollarni, shuningdek, 30 ta ko‘mir vagonini jo‘natish uchun ulush sifatida 7,5 ming dollarni talab qilgan. Aybdor pul olayotgan paytda jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bundan tashqari, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida aholiga ko‘mir mahsulotlarini imtiyozli narxlarda o‘z vaqtida yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.