Toshkentda aholi Hamid Olimjon maydonidagi “Moskva osmono‘parlari”ning fasadlari oynavand bo‘lib qolgani, binolarning og‘irlashishi qurilishlar xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotirlanib, bong urdi. 6-noyabr kuni Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi ishni to‘xtatish to‘g‘risida ajrim chiqargan, biroq jarayon tungi vaqtda davom etmoqda. Bloger Islom Kaparzo kadrlar bilan bo‘lishdi.

Taxmin qilinayotgan loyiha ijtimoiy tarmoqlarda 2023-yil kuzida paydo bo‘lgan edi. Loyihadan baland binolarni oyna va panellar bilan “qoplash” rejalashtirilgani ko‘rinib turgan. O‘sha paytda aholi xavfsizlik masalalaridan xavotirlanib, bunga qarshi chiqqan. Keyinchalik Toshkent hokimligi Darxondagi to‘rtta baland binoni rekonstruksiya qilish masalasi aholi bilan muhokama etilishini ma’lum qildi.

2025-yil 10-oktyabrda uylarning old qismini oyna bilan qoplash ishlari boshlandi, shu bilan birga, xavotirda bo‘lgan aholiga tanishish uchun loyiha va smetalar taqdim etilmadi. Viktoriya Shmarkovskayaning advokati so‘zlariga ko‘ra, 28-oktyabr kuni fuqarolar jamoaviy ariza bilan sudga murojaat qilgan.

Aholi Mirzo Ulug‘bek tumani Lashkarbegi mahallasidagi 10A, 11A, 12A va 13B-uylarning fasad qismini rekonstruksiya qilishga ruxsatsiz, mutasaddi idoralar va uy-joy mulkdorlari bilan kelishmasdan amalga oshirayotgan Toshkent shahar hokimligining harakatlarini noqonuniy deb topishni so‘ragan. 5-noyabr kuni fuqarolardan biri suddan dastlabki himoya choralarini ko‘rishni va fasadlardagi ishlarni to‘xtatishni so‘rab, yana bir ariza berdi.

Sud ariza va hujjatlarni o‘rganib, fasad ishlarini to‘xtatish to‘g‘risida ajrim chiqardi. Sud muhokamasi doirasidagi birinchi majlis 19-noyabrga belgilangan.

Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 92-moddasi 1-qismiga ko‘ra, agar ma’muriy ish bo‘yicha yakuniy sud hujjati chiqarilguniga qadar arizachining yoki manfaatlarini ko‘zlab ariza berilgan shaxsning huquqlari, erkinliklari yoki qonuniy manfaatlari buzilishining real xavfi mavjud bo‘lsa yoxud bunday choralarni ko‘rmasdan turib arizachining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mumkin bo‘lmasa yoki qiyin bo‘lsa, sud dastlabki himoya choralarini ko‘rishi mumkin.

Shu kodeksning 97-moddasiga ko‘ra, sudning dastlabki himoya choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi ajrimi sud hujjatlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda darhol ijro etilishi lozim. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahri va Mirzo Ulug‘bek tumani hokimliklari uni ijro etmayapti — qurilish brigadalari joyida ishlashda davom etmoqda. Ishchilarning o‘zlari, aholining so‘zlariga ko‘ra, sud qarori bekor qilinganini da’vo qilmoqda.

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi matbuot kotibining tasdiqlashicha, tuman hokimligiga Hamid Olimjon maydonidagi uylarning fasadlarida olib borilayotgan ishlarni to‘xtatish haqida sud ajrimi kelib tushgan. Shu bilan birga, u nega obyektda ishlar davom etayotgani haqidagi savolga javob berar ekan, sudning yakuniy qarori hali chiqmaganini ma’lum qildi. Hokimlikda aytilishicha, ishlar uchun mas’uliyat tuman hokimligiga emas, balki buyurtmachi — “Yagona buyurtmachi xizmati” DUKka yuklatilgan.

Shahar hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, agar pudratchilar ishni davom ettirayotgan bo‘lsa, aholi MIBga murojaat qilishi kerak. Hokimlik matbuot kotibining ta’kidlashicha, ajrim qabul qilingani haqida ma’muriyat xabardor qilinmagan va taraf sifatida jarayonga jalb qilinmagan.

Shuning uchun biz o‘zimiz tafsilotlardan bexabar edik va buyurtmachidan obyektda nima bo‘layotganini aniqlaymiz, — dedi Gulnoza Qosimova.

Oliy sud ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi 31-oktyabr kuni ma’muriy ish qo‘zg‘atgan. 6-noyabr kuni sud binoning fasad qismidagi ishlarni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida ajrim chiqardi va uning ijrosini Toshkent shahar va Mirzo Ulug‘bek tumani hokimliklari zimmasiga yukladi.

Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 97-moddasi 2-qismiga ko‘ra, dastlabki himoya choralarini ko‘rmaslik ularning ijrosini ta’minlashi shart bo‘lgan shaxsga sud jarimasi solishga sabab bo‘ladi.