Jizzaxda tuman hokimi o‘n ming dollar pora bilan qo‘lga olindi
Amaldor o‘ziga bo‘ysunuvchi shaxs orqali ko‘p qavatli uylar qurishga yer maydoni ajratgani uchun pul olgan.

Jizzax viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari Sharof Rashidov tumani hokimi va uning qo‘l ostidagi xodimni pora olayotganda qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hokimlik bosh mutaxassisi qurilish kompaniyasida rahbar bo‘lib ishlaydigan tanishiga uning mahallasidan 30 ming dollarga ko‘p qavatli uy qurish uchun yer ajratishni va’da qilgan.
5-iyul kuni hokimning qo‘l ostidagi xodim kelishilgan summadan 10 ming dollarni olgan va uni erkakka bergan. U 8-iyul kuni umumiy o‘rta ta’lim maktabi qurilishi uchun ajratilgan “To‘qchilik” MFY hududidagi 1,7 gektar yer maydonida 8 ta ko‘p qavatli uy qurishga ruxsat beruvchi hujjatlarni topshirib, qolgan pullarni olgan.
Tartib posbonlari huquqbuzarlarni bosh mutaxassis hokimga 10 ming dollar berayotgan paytda qo‘lga olishgan. Sharof Rashidov tumani hokimi deputatlik daxlsizligidan mahrum bo‘ldi. Huquq-tartibot idoralari erkakka nisbatan 210-modda (pora olish), bosh mutaxassisga nisbatan esa 168-modda (firibgarlik) va 211-modda (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonda tuman hokimi o‘rinbosari katta miqdorda pora olayotganda qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi. DXX xodimlari fermer xo‘jaligi rahbari va Agrosanoat nazorati inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘ini ham pora bilan qo‘lga olgan.
Izohlar