DXX o‘zbekistonliklarni taqiqlangan “А.У.Е.” harakatiga qo‘shilmaslikka chaqirdi
Fuqarolardan o‘z atrof-muhitini kuzatib borish va O‘zbekiston imijiga zarar yetkazmaslik so‘ralgan.

DXX o‘zbekistonliklarni yoshlar orasida turli jinoiy guruhlar va submadaniyatlarning ta’siri kuchayib borayotganidan ogohlantirdi, ulardan biri “А.У.Е.” deb nomlangan harakatdir.
Idora nafaqat ota-onalarni, balki mehnat muhojirlarini ham, ayniqsa Rossiyada hushyor bo‘lishga chaqirdi. “А.У.Е.” (“Арестантский уклад един” — “Mahbuslar qoidasi yagona” so‘zlarining qisqartmasi) — Rossiya Federatsiyasida paydo bo‘lgan xavfli harakat bo‘lib, u yerda jinoyatchilikning alohida shakli sifatida tan olingan.
U “o‘g‘rilar qonunlari”ni targ‘ib qiladi va qamoqxona madaniyatini kundalik hayotga joriy etishga intiladi. Rossiyada bu tashkilot 2020-yildan beri rasman ekstremistik deb tan olingan va taqiqlangan. Unda ishtirok etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
“Afsuski, bu tuzilma ta’siri Rossiyada vaqtinchalik ishlab yurgan ayrim O‘zbekiston fuqarolariga ham yetib bormoqda. Ommaviy axborot vositalarida va rasmiy manbalarda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda bir nechta yurtdoshlarimiz “А.У.Е.” harakatini qo‘llab-quvvatlagani yoki unda ishtirok etgani uchun Rossiya qonunchiligiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu holat nafaqat ularning erkinligiga, balki O‘zbekiston fuqarolari imijiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, — deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, guruh a’zolari odamlarni asosan internet orqali yollamoqda. Bundan tashqari, ular mehnat muhojirlari orasida “братва”, “общак”, “закон по понятиям” va shu kabi atamalar orqali ta’sir o‘tkazadi. “А.У.Е.” faoliyatida ishtirok etganlik uchun 300 ming rubldan 600 ming rublgacha (47 mln so‘mdan 95 mln so‘mgacha) jarima solinadi.
Yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 1 yildan 4 yilgacha majburiy axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bu ishsizlik, deportatsiya, huquqiy maqomni yo‘qotish, harakatlanish erkinligini cheklash va oilaning kelajagini xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Fuqarolardan o‘zlari va bolalar muhitiga e’tiborliroq bo‘lish so‘raldi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada o‘zbekistonlik mast noqonuniy migrant kar-soqovni urib o‘ldirgandi. Erkak fuqaroning imo-ishoralarini noto‘g‘ri tushungan va bir nechta zarbalar bergan, ulardan biri o‘limga olib kelgan.
Izohlar