9-noyabr kuni Andijon viloyatida tuman IIB sobiq katta inspektori skuter haydovchisini urib yubordi, deb xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

Hodisa taxminan soat 18:30 larda Shahrixon shahridagi mahalliy avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Shahrixon IIB sobiq profilaktika katta inspektori Nexia-3 rusumli avtomashina boshqaruvini yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va skuterda ketayotgan 53 yoshli fuqaroni urib yuborgan. Hodisa oqibatida mototsiklchi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Avtomobil va skuterga texnik shikast yetgan. Profilaktika inspektori voqea sodir bo‘lishidan ikki kun avval Andijon viloyati IIB shaxsiy tarkibi bo‘yicha tegishli buyruq asosida ishdan olingan. Hozirda mazkur holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, Samarqandda YPX xodimlari mast holda haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan skuter haydovchisini qo‘lga olgandi. Fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan.