Yaponiya xorijliklar uchun fuqarolik olish talablarini kuchaytirishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda The Independent nashri.

Taklif etilayotgan tashabbusga ko‘ra, mamlakatda yashashning eng kam muddati 5 yildan 10 yilgacha uzaytiriladi, shuningdek, til bilish bo‘yicha majburiy talab joriy etiladi. Immigratsiya qoidalarini qayta ko‘rib chiqish Nippon Ishin partiyasi amaldagi standartlarni tanqid qilib, ularni haddan tashqari yumshoq deb ataganidan keyin boshlandi.

Shundan so‘ng bosh vazir Sanae Takayiti qoidalarni qayta ko‘rib chiqishni rasman boshlashni buyurdi. Liberal-demokratik partiyaning 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida berilgan takliflarga ko‘ra, fuqarolikni berishda quyidagi mezonlar inobatga olinadi:

  • 10 yil doimiy yashash joyi (avvalgi 5 yil o‘rniga);
  • benuqson xulq-atvor;
  • 18 yoshdan katta bo‘lgan shaxslar;
  • barqaror daromad manbaining mavjudligi (shaxsiy yoki turmush o‘rtog‘i, shuningdek, tasdiqlangan kasbiy ko‘nikmalar). Yakuniy qaror qabul qilishda davlat organlariga keng vakolatlar beriladi. Islohotlar kelgusi yildan kuchga kirishi kutilmoqda.

Nippon Ishin partiyasi, shuningdek, chet elliklar soniga cheklovlar qo‘yish va naturallashtirishdan o‘tgan shaxslarni fuqarolikdan mahrum qilish mexanizmini yaratishni taklif qilmoqda. Sanseito partiyasi mahalliylashtirilgan fuqarolarni qonun chiqaruvchi organlarga nomzod sifatida ko‘rsatmasligini ma’lum qildi, shuningdek, hukumatni «etnik yaponlarga nisbatan chet elliklarni afzal ko‘rishda» aybladi.

Shu bilan birga, hukumat ayrim toifalar uchun istisnolar bo‘lishini aytmoqda. Masalan, bir necha yil davomida Yaponiya sharafini musobaqalarda himoya qilgan sportchilar 10 yillik to‘liq yashash muddatini kutmasdan fuqarolikni olishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, DYSh uchun yapon tilidan majburiy imtihonlarni joriy etish ham ko‘rib chiqilmoqda.

“Ijtimoiy inklyuziv dastur” deb nomlangan ushbu reja mahalliy aholi va xorijliklar o‘rtasidagi tushunmovchilikni kamaytirish, shuningdek, kuchayib borayotgan ksenofobiyani jilovlashga qaratilgan. Dastur doirasida yapon tilini yaxshi bilmaydigan bolalarni maktabga tayyorlash bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash choralari ham ko‘zda tutilgan.