Sankt-Peterburgda to‘pponcha bilan raqsga tushgan o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi
Sud uning harakatlarini atrofdagilarga psixologik ta’sir ko‘rsatish deb tan oldi.

Rossiyada qo‘lida o‘yinchoq to‘pponcha bilan shaharning markaziy maydoni o‘rtasida raqsga tushgan o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi, deb xabar bermoqda Sankt-Peterburg sudlarining birlashgan axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 18-mart kuni Sankt-Peterburg markazidagi Ligovskiy prospektidagi “Galereya” savdo majmuasi yaqinida sodir bo‘lgan. 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosi olomon orasida raqsga tushib, raqs paytida to‘pponchaga o‘xshash narsani olib, uni ko‘rsatgan va shundan so‘ng uni yana yashirgan.
Sud yigitni aybdor deb topib, 5 oylik koloniyaga hukm qildi. Qayd etilishicha, o‘zbekistonlik raqs paytida qasddan to‘pponcha namoyish etgan, sud buni atrofdagilarga ruhiy ta’sir ko‘rsatish va jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish deb baholagan.
Yigitning o‘zi pushaymon bo‘lib, aybiga iqror bo‘ldi. Shu bilan birga, tergov izolyatorida o‘tkazilgan vaqt hisobga olinsa, o‘zbekistonlikning jazo muddati o‘talgan hisoblanadi. Yigit sud zalida hibsdan ozod qilindi.
Avvalroq Toshkentda o‘yinchoq ko‘targan erkak bankni tunamoqchi bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Tezkor guruh haqiqiy qurol bilan talonchini qo‘lga olgan.
Izohlar