O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida viza bo‘yicha kelishuv imzolandi, unga ko‘ra muayyan sohalarda yuqori malakaga ega bo‘lgan fuqarolarga mamlakatning asosiy tarmoqlarida rasman ishlash imkoniyati beriladi, deb xabar beradi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kelishuvni vazirlik vakillari va Koreyaning Kyonsan-Namdo provinsiyasi imzolagan. Ikki davlat vakillari kelishib olgan E-7 vizasi yuqori malakali o‘zbekistonliklarga mamlakatning asosiy sanoat tarmoqlariga kirish imkonini beradi.

Qayd etilishicha, nomzodlarni tanlashda ularning til bilish darajasiga alohida e’tibor qaratiladi. Koreya provinsiyasi vakilining ta’kidlashicha, Migratsiya agentligi bilan hujjat imzolanishi yosh mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Biz o‘zbek yoshlarining yuqori darajadagi tayyorgarligini qadrlaymiz va ularning kasbiy o‘sishi uchun hamkorlik qilamiz, — dedi Kvandon-Namdo provinsiyasi gubernatori Pak Vansu.

Bundan tashqari, tomonlar qishloq xo‘jaligi va baliqchilikda mavsumiy ishlarga xorijiy ishchilarni jalb qilishga qaratilgan E-8 vizasini imzolashni muhokama qildi. Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat vakillari ushbu yo‘nalishda loyihalarni ishga tushirishga kelishib oldilar, bu esa o‘zbekistonliklarni Koreya Respublikasida vaqtinchalik ishlashga jalb qilish imkonini beradi.

Avvalroq Janubiy Koreya O‘zbekistonga xalqaro standartlar bo‘yicha shifokorlar tayyorlashda yordam berishi xabar qilingandi. Tomonlar har yili O‘zbekistondan 20 nafar mutaxassisni bepul o‘qitishga kelishib oldi.