O‘zbekiston AQSH bilan hamkorlikda kosmik tadqiqotlar sohasida ishlash, kadrlar almashish, Haven-1 va Haven-2 orbital stansiyalarini uchirish bo‘yicha hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati.

Ushbu masalalarni vazirlik rahbari Sherzod Shermatov va Vast aerokosmik kompaniyasi vitse-prezidenti Rich Leshner AQShga tashrifi chog‘ida muhokama qildi. Xususan, tomonlar kadrlar almashinuvi, shuningdek, “Xeyven-1” orbital stansiyasining tayyorlanayotgan uchirilishi bilan bog‘liq kosmik missiyalarda o‘zbekistonlik mutaxassislarning ishtiroki masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Shuningdek, ikki mamlakat vakillari Xalqaro kosmik stansiyaning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan kelajakdagi Haven-2 stansiyasini ishlab chiqishga O‘zbekistondan muhandislar va olimlarni jalb qilish bo‘yicha fikr almashdilar. Mutaxassislar sun’iy gravitatsiya, hayotni ta’minlash va orbital arxitektura bo‘yicha tadqiqotlarda ishtirok etishlari rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, muhokama chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va AQSH kompaniyasi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan kadrlarni o‘qitish va tayyorlash, stajirovkalar tashkil etish va laboratoriyalar yaratish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdilar. Natijada ikki mamlakat vakillari o‘zbekistonlik mutaxassislarning xalqaro kosmik dasturlar va orbital loyihalarda ishtirokini kengaytirishni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Avvalroq SpaceX O‘zbekiston sun’iy yo‘ldoshini koinotga yuborishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Uni Yaponiya oliy o‘quv yurtidan o‘zbekistonlik yosh muhandislar yig‘ishadi.