Rossiyada muhojirlarning mamlakatga kirishi uchun ba’zi kasalliklar yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma majburiy bo‘lishini taklif qilishdi, deb yozadi TASS Davlat Dumasining mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Yaroslav Nilovga tayanib.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, patent olish uchun chet ellik ishchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari kerak, biroq bu jarayongacha biroz vaqt o‘tadi, bu vaqt davomida muhojirlar mamlakatda bo‘ladi. Buning uchun Yaroslav Nilov chet el fuqarolari kirishda infeksiyalar yoki kasalliklarning ma’lum bir ro‘yxati yo‘qligi to‘g‘risidagi hujjatlarga ega bo‘lishni majburiy qilishni taklif qildi.
Deputat soxta hujjatlar paydo bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmadi, shu munosabat bilan qo‘shimcha tibbiy ko‘rikni saqlab qolish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Yaroslav Nilov xuddi shu qoidani tibbiy sug‘urta uchun ham belgilashni taklif qildi.
Bugungi kunda bizda chet el fuqarolarining huquqiy holati to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, chegarani kesib o‘tgan har qanday chet el fuqarosi sug‘urtaga ega bo‘lishi kerak. Ularning hammasida sug‘urta bormi? Yo‘q. Sog‘liqni saqlash tizimimiz ularga yordam beradimi? Ha, u shoshilinch, bepul xizmat ko‘rsatadi, — dedi Davlat dumasi vakili.
Mutaxassis misol tariqasida shoshilinch tug‘ruq, appenditsitni olib tashlash va boshqa jarrohlik aralashuvlarini keltirib, bu muolajalarning barchasi hududiy byudjetlarga katta yuk bo‘layotganini ta’kidladi. Yaroslav Nilov polisi yo‘q fuqarolarni kiritmaslikni taklif qildi. Shu bilan birga, hujjatni elektron shaklda olish va chegarada huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish mumkin.
Xorijda esa bu shunday ishlaydi va bu borada hech qanday muammo yo‘q, — deya ta’kidladi Davlat dumasi vakili.
Rejaga ko‘ra, migrantlar chegarani kesib o‘tishda Rossiyaga kirishdan kamida 10 kun oldin o‘tkazilgan OIV, gepatit B va C infeksiyasi, shuningdek, zaxm va sil kasalligi yo‘qligini tasdiqlovchi tahlil natijalarini taqdim etishlari kerak bo‘ladi. Shuningdek, kirish kunidan kamida 72 soat oldin o‘tkazilgan tanada giyohvandlik va psixotrop moddalar yo‘qligini tasdiqlovchi test natijalari kerak bo‘ladi.
Avvalroq Rossiyada migrantlarning ishsiz oila a’zolari qolishi cheklanishi xabar qilingandi. Vladimir Putin davlat migratsiya siyosatining yangi konsepsiyasini tasdiqladi.






















