O‘zbekistonda FJMS summasi ikki baravar oshiriladi va sug‘urta tariflari qayta ko‘rib chiqiladi
2026-yil aprel oyidan boshlab mamlakatda sug‘urta polislarini markazlashtirilgan tartibda hisobga olishning yagona billing tizimi joriy etiladi.
O‘zbekistonda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish summasi oshiriladi, deb xabar bermoqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingan. Hozirgi vaqtda sug‘urta bo‘yicha to‘lovning maksimal miqdori 40 mln so‘mni tashkil etadi, shundan 35 foizi yoki 14 mln so‘mi jabrlanuvchining mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplashga, 65 foizigacha yoki 26 mln so‘mi jabrlanuvchining hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplashga yo‘naltiriladi.
Yangi qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab FJMS summasi ikki baravarga — 80 mln so‘mgacha oshiriladi. Rasmiylar bu YTH oqibatida jabrlanganlarning mol-mulki, hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larning zamonaviy standartlarga mos kelishiga yordam berishini rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, hukumat aktuar hisob-kitoblar asosida sug‘urta tariflarini qayta ko‘rib chiqdi. Endi mukofotlar va sug‘urta summasi bozor tamoyillari asosida belgilanadi. Shuningdek, haydovchilar soni cheklangan va cheklanmagan holda polislarni rasmiylashtirish mexanizmi ish boshlaydi va sug‘urta da’volarini ko‘rib chiqish tartibi aniqlashtirilmoqda.
Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi endilikda yuridik maslahatlar va adjasterlik xizmatlarini, shu jumladan YTHni rasmiylashtirishda yordam ko‘rsatadi. Bundan tashqari, qaror bilan FJMS bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilish uchun mas’ul bo‘lgan organlar belgilandi va Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini yuritish tartibi tasdiqlandi.
2026-yil 1-apreldan boshlab mamlakatda sug‘urta mukofotlari bo‘yicha tushumlarni markazlashtirilgan tartibda hisobga olishning Yagona sug‘urta billing tizimi joriy etiladi. Shu munosabat bilan hukumat davlat organlari o‘rtasida FJMS bo‘yicha elektron ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, majburiy avtosug‘urta polisi mavjud emasligi uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda harbiylarga sug‘urta to‘lovlari miqdori aniqlangani haqida xabar berilgandi. Sug‘urtalash majburiy bo‘ladi.
Izohlar