24-dekabr kuni “2026-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiy sanalarni nishonlash davrida fuqarolarning to‘laqonli dam olishi, dam olish va bayram kunlaridan samarali foydalanishni ta’minlash, ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish maqsadida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida quyidagi qo‘shimcha dam olish kunlari belgilanmoqda:

  • 2025-yilda — barcha xodimlar uchun 31-dekabr chorshanba kuni;
  • 2026-yilda — barcha xodimlar uchun 2-yanvar — juma, 28-may — payshanba, 29-may — juma, 31-avgust — dushanba; olti kunlik ish haftasidagi xodimlar uchun 3-yanvar — shanba, 30-may — shanba, 31-dekabr — payshanba.

2026-yilda ishlanmaydigan dam olish kunlari hisoblangan “8-mart — Xotin-qizlar kuni” bayrami yakshanba dam olish kuniga, shuningdek, “21-mart — Navro‘z” bayrami va “9-may — Xotira va qadrlash kuni” bayramlari shanba dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan besh kunlik ish haftasida xodimlar uchun ushbu dam olish kunlari 2026-yil 9-mart dushanba, 23-mart dushanba va 11-may dushanba kunlariga ko‘chiriladi.

Ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy shart-sharoitlarga ko‘ra (uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga kundalik xizmat ko‘rsatish, vaxta usulida ishlash va boshqalar) to‘xtatib turish mumkin bo‘lmagan ishlar bayram va ishlanmaydigan kunlarda bajarilganda dam olish kunlari ko‘chirilmaydi.

Shuningdek, 2026-yilda besh kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun dam olish kunlari 12 dekabr shanbadan 31 dekabr payshanbaga ko‘chiriladi.