12 Avgust 2024, 11:27 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda ayrim hududlarda sholi ekishga cheklov kiritish taklif qilinmoqda

Surxondaryo, Buxoro, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda sholi ekishga cheklov kiritish taklif qilinmoqda.

O‘zbekistonda ayrim hududlarda sholi ekishga cheklov kiritish taklif qilinmoqda

Qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari bilan biznes muloqotda tadbirkor Surxondaryo, Buxoro, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda sholi ekishga cheklov kiritish taklifi bilan chiqdi, deb xabar bermoqda Spot.

10-avgust kuni tashkil etilgan uchrashuvda Qoraqalpog‘istonda faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaligi rahbari G‘ayrat Ahmedov Qoraqalpog‘istonda ikki yildan buyon sholi ekish bo‘yicha muammo mavjudligini aytgan.

Sholi ekishga taqiq qo‘yilmoqda va bunga suv tanqisligini sabab qilib ko‘rsatishmoqda. Biroq bizning oldimizda Amudaryo (suvi) Xorazm, Buxoro va Surxondaryo viloyatlaridan (o‘tib) keladi. Bu viloyatlarga limit yo‘q. Buxoroda minglab gektar joyda sariq qumni ochib, daryodan suv olib, sholi ekilmoqda. Bizda esa tayyor turgan yerga ektirishmayapti, degan tadbirkor.

G‘ayrat Ahmedov mazkur muammoni davlat rahbari doirasida olib chiqishni so‘radi. Tadbirkor Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari, shu bilan birga Qoraqalpog‘istonning ham barcha tumanlarida cheklov joriy qilishni taklif etdi.

Fermerning 10 foiz yeriga sholi ekish belgilab berilsin, “mana shu joyga ekasan, undan ortiq eksang jazoga tortilasan”, deb ishlab bersin. Nimaga daryo Surxondaryodan boshlanadi-yu, oxirida Buxorodan o‘tadi, Xorazmdan o‘tadi suv tejalmaydi, Qoraqalpog‘istonga kelgan paytida esa tejalishi kerak?, dedi u.

Bundan tashqari, tadbirkor paxta va bug‘doy bo‘yicha davlat buyurtmasini “Agroplatforma” axborot tizimi orqali hududlar kesimida taqsimlab berishni joriy etish taklifini bildirdi.

Mashhur yangiliklar