O‘tgan 7 oyda salkam 765 mingta yangi ish o‘rni hisobotlarga qo‘shib yozilgani aniqlandi
Bosh prokuratura yanvar-iyul oylarida 764 723 ta yangi ish o‘rni hisobotlarga qo‘shib yozilganini ma’lum qildi.
2024-yilning yanvar-iyul oylarida 764 723 ta yangi ish o‘rni hisobotlarga qo‘shib yozilgani aniqlandi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov AOKAda o‘tkazilgan brifingda.
Qayd etilishicha, o‘tgan davrda
- 3158 nafar yoshning ish bilan ta’minlanishida;
- 6277 nafariga ijaraga yer ajratilishida;
- 1526 nafarining tadbirkorlikka jalb etilishida;
- 5036 nafariga o‘zini o‘zi band qilishida;
- 4062 nafarining kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganish kurslarida o‘qitilishida;
- 9988 nafariga kontrakt puli to‘lab berilishida ko‘maklashilgan.
Prokurorlar sektorlaridagi “Temir daftar”ga kiritilgan 5 mingdan ziyod oilaning 181 tasining uy-joyi
ta’mirlanib, 57 tasiga yangi uy-joy qurib berildi. 2 ming nafardan ortiq ehtiyojmand oilaning ishsiz a’zolari bandligi ta’minlandi.
Bundan tashqari, 327 nafar ishchi-xizmatchining kechiktirilgan 2,3 mlrd so‘m ish haqi undirib berildi.
Prokurorlar tashabbusi bilan 582 marotaba mehnat yarmarkasi o‘tkazilib, ularda 8759 nafar ishsiz fuqaro ishga joylashtirildi, deyiladi hisobotda.
O‘z navbatida, ish haqi va nafaqa pullarining 4,2 mlrd so‘mi talon-toroj qilingani aniqlanib, 52 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.