Jizzax viloyatida Majburiy ijro byurosi xodimlari 135 million so‘m aliment qarzi bo‘la turib, chet elga chiqishga uringan erkakni qo‘lga olishdi. Bu haqda idora matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea G‘allaorol tumanida sodir bo‘lgan. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, erkakka nisbatan bir nafar farzandi ta’minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlaridan alimentning 1/4 qismini undirish belgilangan. Biroq, MIBga ijro hujjatlari kelib tushishidan oldin erkak AQShga ishlash uchun ketgan.
Keyinroq erkak ota-onasini yangi yil bilan tabriklash uchun vataniga qaytganida, mutaxassislar xorijga chiqishni chekladi. Natijada erkak alimentni oldindan to‘lash tartibidan foydalanib, sud tartibida besh yil uchun 135 mln so‘m alimentni to‘liq to‘lab bergan.
Avvalroq Samarqandda otasi uchun aliment to‘lamagan erkak qamalgani haqida xabar berilgandi. Fuqaroga oylik daromadining 50 foizini ota-onasi foydasiga o‘tkazish belgilandi.























