Bekobodda 5-qavatdan tushib ketib vafot etgan ayolning eri 9 yilga qamaldi
U o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topdi.
Bekobodda 5-qavatdan tushib ketib vafot etgan ayolning turmush o‘rtog‘i uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1989 yilda tug‘ilgan D.X. o‘ziga moddiy hamda boshqa jihatlardan qaram bo‘lgan turmush o‘rtog‘i N.X.ni sababsiz turli bahonalar bilan urib, azoblab kelgan. 2022 yil 15 dekabr kuni tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayolga IIB tomonidan himoya orderi berilgan.
Biroq D.X. bundan xulosa chiqarmagan va ayolning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitishda davom etgan. 2024 yil 6 mart kuni N.X.ga yana himoya orderi berilgan. Erkak esa qilmishi uchun 10 sutka ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqan.
Ammo D.X. yana janjal chiqargan. 2024 yilning 27 mart kuni N.X. turmush o‘rtog‘ining qilmishlaridan charchab, ijara asosida yashab kelgan Bekobod tumani, Dalvarzin mahallasidagi ko‘p qavatli uyning 5-qavatdan o‘zini tashlagan va vafot etgan.
Erkakning qilmishi guvohlarning ko‘rsatmalari, hodisa joyini ko‘zdan kechirish bayonnomalari, sud tibbiy ekspertiza xulosalari bilan to‘liq o‘z isbotini topgan.
Sud D.X.ni Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni (moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lgan shaxsni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) sodir etganlikda aybli deb topgan. Unga 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Мавзуга оид хабарлар:
Sirdaryoda sobiq ayolini do‘pposlab, sochini qirib tashlagan erkakka hukm o‘qildi 2024-yilda qancha fuqaro tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlangani ochiqlandi Farg‘onada voyaga yetmagan qiz o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi qamaldi Surxondaryoda 19 kishini chuv tushirgan firibgar qamaldi Toshkent viloyatida taksichiga pichoq bilan hujum qilgan ikki talaba qamaldi