Toshkent viloyatida uy-joylarni o‘z vaqtida topshirmagan bir qator quruvchilarga nisbatan xaridorlarga 11 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni qoplab berish bo‘yicha da’vo arizasi kiritildi, deb xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bo‘lajak uy egalari tomonidan to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilganiga qaramay, kvartiralarni o‘z vaqtida topshirmagan bir nechta qurilish kompaniyalari ustidan aholidan idoraga bir qator shikoyatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlar asosida mutaxassislar tomonidan o‘rganish o‘tkazilib, 32 nafar iste’molchi foydasiga 11 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘larini undirish bo‘yicha arizalar sud organlariga yuborilgan.
Natijada Glamur Gold, Transport Free Group, Lucky Technical, Broccoli Plus va NUR kompaniyalariga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 16 nafar iste’molchi foydasiga 6,7 mlrd so‘m qaytarish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Ayni paytda qolgan iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda.
Avvalroq, quruvchilar turar-joy majmualariga o‘zbek tilida nom berishga majbur bo‘lishi haqida xabar berilgan edi. Obyekt haqidagi barcha ma’lumotni ham davlat tilida yozish majburiy bo‘ladi.























