Soliq idorasi xodimi 40 dollar pora uchun ikki yilga qamaldi
Erkakning uchta farzandi qolgan.

9-iyun kuni soliq idorasi xodimi 40 dollar pora olgani uchun ikki yilga qamaldi, deyiladi sud qarorida.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi oilali, uch nafar farzandning otasi, muqaddam sudlanmagan, Qo‘shrabot tumani soliq inspeksiyasida soliq nazorati bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan. U Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi (pora olish) bilan aybdor deb topildi. Unga 2 yil muddatga manzil-koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, 2 yil davomida davlat organlarida ishlash taqiqlandi.
Sudning aniqlashicha, erkak o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, 2025 yil 13 yanvar kuni taxminan soat 17:30 larda o‘zining xizmat xonasida Faxriddin Brend Taomlari oilaviy korxonasi rahbariga nisbatan qo‘llanilgan ma’muriy jazoni bekor qilish evaziga avval kelishilgan 2,5 mln so‘mdan 500 ming so‘m miqdorida pora talab qilib, olgan.
U ashyoviy dalillar bilan pul olayotgan paytda qo‘lga olindi. Xodimning advokati ishni birinchi instansiya sudida ko‘rish bir tomonlama bo‘lgani, erkak aybiga iqror bo‘lib, pushaymon bo‘lgani, voyaga yetmagan farzandlari borligi, sud jazo tayinlashda bu holatlarni inobatga olmaganini ta’kidlagan.
Ular hukmni o‘zgartirishni va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘rashdi, ammo sudlanuvchining aybi nafaqat guvohlarning ko‘rsatmalari, balki boshqa dalillar bilan ham tasdiqlanadi:
- jabrlanuvchining arizasi va tushuntirishi;
- tezkor tadbirlar bayonnomalari;
- fotomateriallar;
- suhbatlarning videoyozuvlari va stenogrammalari;
- kimyoviy ekspertizaning 2025-yil 23-yanvardagi 53-son xulosasi;
- boshqa obyektiv dalillar bilan tasdiqlanadi.
Shikoyatning ish bir tomonlama ko‘rib chiqilganligi haqidagi dalillari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Birinchi instansiya sudi ishni qonunga muvofiq, JPK normalariga amal qilgan holda ko‘rib chiqib, to‘plangan dalillarni ularning daxldorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtayi nazaridan baholab, sudlanuvchining aybliligi to‘g‘risida qonuniy va asosli xulosaga kelgan, deyiladi xabarda.
Hukm o‘zgarishsiz, kassatsiya shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryoda soliq inspeksiyasi xodimi katta miqdorda pora bilan qo‘lga tushgandi. Erkak bankrot bo‘lgan zavod faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishga va’da bergan.
Izohlar