22-noyabr kuni Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati Toshkent shahrida havo sifati ustidan kuchaytirilgan nazorat o‘rnatilgani haqida xabar berdi.

Poytaxtning barcha tumanlarida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi tahliliy nazorat markazining atmosfera havosi ifloslanishini monitoring qilish bo‘yicha mobil ekologik laboratoriyalari tunu kun faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, Gidrometeorologiya xizmati agentligining (O‘zgidromet) monitoring laboratoriyalari kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda.

Aniqlangan ifloslantiruvchi manbalar zarur choralar ko‘rish uchun tegishli organlarga topshiriladi.

Havo sifatini yaxshilash maqsadida Ekologiya qo‘mitasi huzurida tezkor shtab tashkil etildi. Qo‘mita tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda poytaxtimizda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Avvalroq deputat va “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov yuzaga kelgan ayanchli vaziyatga ko‘pchilik fuqarolar ayblayotgan hukumatning harakatlari emas, balki faqat ob-havo sabab bo‘lganini aytgandi. Siyosatchi bunday munozaralarga chek qo‘yishni taklif qilgan.