Dunyo

Tojikiston afg‘onlarga mamlakatni tark etish uchun ikki hafta muhlat berdi

Ularning ko‘pchiligi uchun majburiy deportatsiya boshqa mamlakatlarga ko‘chib o‘tish rejalarini izdan chiqarishi mumkin.

Фото: Keystone Press Agency

Tojikiston rasmiylari afg‘on qochqinlarini ommaviy deportatsiya qilishni boshladi va ularga mamlakatni tark etish uchun 15 kun berdi, deb yozadi Khaama Press.

Ma’lumotlarga ko‘ra, deportatsiyalar ogohlantirish va sud jarayonlarisiz amalga oshirilmoqda. Qayd etilishicha, deportatsiya boshlanishi haqidagi e’lon aholini hayratda qoldirgan va vahima to‘lqinini keltirib chiqargan. Hatto rasmiy hujjati bor fuqarolar ham mamlakatdan chiqarib yuborilish xavfi ostida qoldi.

Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, so‘nggi kunlarda poytaxtda va unga yaqin Vaxdat va Rudakiy hududlarida qochqinlarni hibsga olish holatlari ko‘paygan. Hozirda Tojikistonda 13 mingdan ortiq afg‘on istiqomat qiladi, ularning aksariyati boshqa mamlakatlarga ko‘chirilishini kutmoqda, biroq majburiy deportatsiya bu rejalarni barbod qilishi mumkin.

Qayd etilishicha, toliblar ta’qibidan mamlakatga qochib kelgan sobiq davlat xizmatchilari va harbiylar ayniqsa zaif ahvolda qolgan. Afg‘onistonlik qochqinlarni deportatsiya qilish allaqachon odatiy holga aylangan qo‘shni Eron va Pokistonda ham xuddi shunday.

Avvalroq O‘zbekistonda afg‘on qochqinlari muallaq holatda ekani xabar qilingandi. Odamlar yarim qonuniy maqomda qolmoqda, uy-joy, oziq-ovqat va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan to‘liq foydalanish imkoniyatiga ega emas.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная