Dunyo

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi o‘zbekistonliklarning Rossiyadagi jinoyatlarga aloqadorligiga izoh berdi

Mutaxassislar rossiyalik ayolning guruh bo‘lib zo‘rlangani va 12 yoshli bolaning kaltaklangani haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqishdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning bir necha hududlarida sodir bo‘lgan turli hodisalarga o‘zbekistonliklarning aloqadorligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi holatga izoh berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning ikki hududida O‘zbekiston fuqarolari huquqbuzarlik sodir etgani aytilayotgan voqealar sodir bo‘lgan. Qozon shahrida sodir bo‘lgan voqealardan birida 22 yoshli rossiyalik ayolga uning qo‘shnisi «o‘zbekistonlik» hujum qilib, qizni 12 nafar muhojir yashaydigan kvartiraga sudrab ketgan. U yerda jabrlanuvchi guruh bo‘lib zo‘rlangan.

Samara viloyatida sodir bo‘lgan ikkinchi holatda «o‘zbekistonliklar» 12 yoshli bolani kaltaklagan, shundan so‘ng bola shifoxonaga yotqizilgan. O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasidan ma’lum qilishlaricha, Rossiya rasmiy idoralariga so‘rovlardan so‘ng ikkala holatda ham o‘zbekistonliklarning aloqadorligi haqidagi ma’lumot tasdiqlanmagan.

Qayd etilishicha, mutaxassislar O‘zbekiston fuqarolarining ishtiroki bilan bog‘liq barcha hodisalarni kuzatib bormoqda va barcha holatlarni aniqlash choralarini ko‘rmoqda, shuningdek, vatandoshlarga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatib, ularning manfaatlarini himoya qilmoqda.

Avvalroq Rossiyada o‘zbekistonlik voyaga yetmagan qizni o‘g‘irlab ketib, zo‘rlagani haqida xabar berilgandi. Erkak 16 yilga qamalgan va 300 ming rubl tovon puli to‘lashga majbur bo‘lgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная