7 Sentabr 2024, 08:17 Sport

Prezident Paralimpiyada chempionlari — Sherzod Namozov va Husniddin Norbekov bilan telefonlashdi

Shavkat Mirziyoyev sportchilarni butun oʻzbek xalqi nomidan samimiy qutlab, ularning murabbiylari va ota-onasiga tashakkur aytdi.

Prezident Paralimpiyada chempionlari — Sherzod Namozov va Husniddin Norbekov bilan telefonlashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Parijda boʻlib oʻtayotgan Paralimpiya oʻyinlarining keyingi kunlarida muvaffaqiyat qozongan sportchilarimiz bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Dzyudochi Sherzod Namozov finalda raqibini magʻlubiyatga uchratib, oltin medalni qoʻlga kiritgan edi. Bu hamyurtimizning Paralimpiya oʻyinlaridagi ikkinchi chempionligi boʻldi.

Yengil atletika boʻyicha yadro uloqtirish bahslarida Husniddin Norbekov 16.82 metr natija qayd etib, birinchi oʻrinni egalladi. Shu tariqa, u uchinchi bor Paralimpiya oʻyinlari gʻolibi boʻlgan ilk oʻzbekistonlik sportchiga aylandi.

Davlat rahbari suhbatda ularning irodali kurashlarini hayajon bilan kuzatganini, Oʻzbekiston delegatsiyasiga navbatdagi oltin medallarni keltirganidan xursandligini taʼkidladi. Butun oʻzbek xalqi nomidan sportchilarni samimiy qutlab, ularning murabbiylari va ota-onasiga tashakkur aytdi.

Mashhur yangiliklar