Prezident qayta ochilgan Qoʻqon aeroportiga bordi
U narx va xizmatlarni qulaylashtirish, parvozlarni koʻpaytirish boʻyicha topshiriq berdi.
Yangidan ochilgan Qoʻqon aeroportiga 11-iyul kuni Oʻzbekiston prezidentining samolyoti ilk bor qoʻndi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
Mazkur aeroport 1977-yilda qurilgan, yaqin yoʻnalishlarga parvozlar amalga oshirilgan. Aeroport 2001-yilda fuqaro aviatsiyasi samolyotlarini qabul qilishni toʻxtatgan va keyinchalik Oʻzbekiston Qurolli kuchlarining Harbiy havo kuchlari tomonidan foydalanilgan. Modernizatsiya natijasida 2024-yil 1-aprelda ushbu aeroport orqali yana fuqaro aviatsiyasi parvozlari yoʻlga qoʻyilgan.
Davlat rahbari u yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Aeroportda 100 nafar yoʻlovchiga moʻljallangan yangi terminal qurilgan, uchish-qoʻnish yoʻlagi qoplamasi taʼmirlangan. Zamonaviy aeronavigatsiya uskunalari oʻrnatilgan. Bu ishlar natijasida aeroport A 320−200 va ATR 72−600 rusumli samolyotlarni qabul qilish imkoniyatiga ega boʻldi.
“Prezident endi bu aeroport xalqimizga manfaat keltirishi kerakligini taʼkidladi. Buning uchun narx va xizmatlarni odamlarga qulay qilib, parvozlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi”, — deyiladi xabarda. Parvozlar SilkAvia kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Toshkentdan Qoʻqonga 19 kishini sigʻdira oladigan LET L-410 samolyoti qatnaydi, uchish 1 soat vaqt talab etadi, narxlar 191 ming 365 soʻmdan boshlanadi.