Oʻzbekiston turistlarni jalb qilish uchun TTJdan 50 mln dollar kredit oladi
Salohiyati yuqori boʻlgan joylarda master-rejalar asosida turizm maskanlari quriladi.
Shavkat Mirziyoyev 16-iyul kuni hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini koʻpaytirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Xorijiy turistlarni Oʻzbekistonga jalb qilish uchun turizm tashkilotlarini aylanma mablagʻ bilan taʼminlash maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 50 million dollar qiymatida alohida kredit liniyasi ochilmoqda. Bu kreditlar milliy valyutada yillik 17 foiz stavkada, 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga ajratiladi.
Salohiyati yuqori boʻlgan joylarda master-rejalar asosida turizm maskanlari quriladi. Bunday hududlar infratuzilmasini yaxshilash uchun joriy yilda respublika byudjetidan 100 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Shuningdek, ularning har biriga 50 million dollar miqdorida investitsiya jalb qilinadi.
“Turizm sohasidagi tadbirkorlar uchun qator yengilliklar ham nazarda tutilmoqda”, — deb yozdi prezident matbuot xizmati. Ular orasida avtobus va mikroavtobuslarni bojxona bojidan ozod etish, turoperator va hunarmandlarning xalqaro yarmarkalardagi xarajatining 50 foizini qoplab berish, xorijiy mehmonlar ishtirokida biznes tadbirlar tashkil qilgan tadbirkorlarning foyda soligʻi 50 foizga kamaytirish kabi choralar bor.
Davlat rahbari iyun oyidagi yigʻilishda Oʻzbekistonning milliy turizm brendini yaratish zarurligini taʼkidlagan edi. Shunga muvofiq, maqsadli bozorlar talablaridan kelib chiqib, mamlakatdagi turizm turlari toʻgʻrisida kontentlar yaratiladi. Ular xalqaro media va ijtimoiy platformalar, jahon sport va sanʼat tadbirlarida targʻib qilinadi. Bunga auditoriyasi katta boʻlgan xorijiy jurnalist, bloger va inflyuenserlar ham jalb qilinadi.
Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida barcha avia, temir yoʻl va avtobus qatnovlari haqida maʼlumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platforma ishga tushirish ham rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, avia, temir yoʻl va avtobus chiptalarini kamida olti oy oldin savdoga chiqarish tizimi joriy qilinadi. Umumxalq bayramlari kunlarida qoʻshimcha aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyiladi. Bular haqda muntazam ravishda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib boriladi.
Мавзуга оид хабарлар:
Ikki viloyatda imtiyozli kredit mablagʻlarini oʻzlashtirgan shaxslar ushlandi Qozog‘iston sayohat uchun eng yaxshi mamlakatlar qatoriga kirdi Toshkentda 3 ming dollar evaziga 100 ming dollar kredit olib berishini aytgan shaxs ushlandi Fuqarolar kredit olishni o‘z-o‘ziga taqiqlashi mumkin bo‘ladi Maktab ochadigan tadbirkorlarga 20 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi