Fuqarolarni chuv tushirgan “AIF” platformasi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Fuqarolarga juda koʻp miqdorda moddiy zarar yetkazgan “AIF” platformasining noqonuniy faoliyati yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Fuqarolarga juda koʻp miqdorda moddiy zarar yetkazgan “AIF” platformasining faoliyati oʻrganildi va holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi maʼlum qildi.
Bildirilishicha, bugun, 3-sentyabr kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga bir guruh fuqarolar tomonidan qilingan murojaatga asosan, ijtimoiy tarmoqlardagi “AIF” platformasining faoliyati oʻrganilgan. Oʻrganish jarayonida ushbu platforma ayni paytda oʻz faoliyatini nomaʼlum sababga koʻra toʻxtatganligi va murojaat qiluvchi shaxslarga juda koʻp miqdorda moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
Shundan kelib chiqib, 3-sentyabr kuni mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 188-1-moddasini 3-qismi “a,v” bandlari (Pul mablagʻlarini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Jinoiy hodisani va jinoyat sodir etishda aybdor boʻlgan shaxslarni aniqlash, shuningdek tergov jarayonini tez va sifatli amalga oshirish maqsadida viloyat ichki ishlar organlarining malakali tergovchilaridan iborat tergov guruhi tuzildi. Hozirda tergov guruhi tomonidan mazkur jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchilar soni va ularga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashga kirishilgan, deyiladi xabarda.
Shuningdek, mazkur platformaning noqonuniy faoliyati tufayli moddiy zarar koʻrgan shaxslardan Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasiga murojaat qilishlari soʻralgan.