Farg‘onada yuz bergan avariya oqibatida ikki yo‘lovchi halok bo‘ldi
Fargʻona shahrida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi oqibatida ikki nafar 19 yoshli yigit qurbon boʻldi.
Farg‘ona viloyatida 19 yashar yigit avtohalokat sodir qilib, o‘zi bilan birga bo‘lgan ikki tengdoshining o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat 29-avgust kuni soat 03:30 larda, Farg‘ona shahar Kirgili mavzesi hududidan o‘tgan 4R-140A “Farg‘ona shahriga” avtomobil yo‘lining 8-kilometrida sodir bo‘lgan. 2005-yilda tug‘ilgan haydovchi T.A. Spark’ni boshqarib ketayotib, keskin tormoz bosib yuborishi natijasida boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetidagi beton simyog‘ochga urilgan.
Natijada Spark yo‘lovchilari — 2005-yilda tug‘ilgan Q.M., Y.A., 2004-yilda tug‘ilgan E.SH., va N.F.lar tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, avtomobilda bo‘lgan ikki yo‘lovchi Q.M. va Y.A.lar shifoxonada vafot etgan.