6 Avgust 2024, 12:09 Oʻzbekiston

Doniyor G‘aniyev deputatlik faoliyatini yakunladi

U navbatdagi saylovlarda o‘z nomzodini ilgari surmaslikka qaror qildi.

Doniyor G‘aniyev deputatlik faoliyatini yakunladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev deputatlik mandatini tugatishga, yangi saylovlarda nomzodini ilgari surmaslikka qaror qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida yozib qoldirdi.

Saylovchilar bildirgan ishonchni oqlash, ularning dard-u tashvishlarini, muammo va xohishlarini parlament minbariga olib chiqish, qabul qilingan qonunlarni adolatli va insonparvar bo‘lishiga hissa qo‘shish, murojaat qilgan fuqarolarga yordam bera olish imkoniyati men uchun deputatlikning eng katta sharafi bo‘ldi. Bunday imkoniyat va baxt menga nasib qilganidan har doim faxrlanaman, deb yozadi Doniyor G‘aniyev.

Deputatning ta’kidlashicha, inson atrofidagi o‘zgarishlar, reallik bilan hisoblashishi hamda o‘z imkoniyat va qobiliyatlarini to‘g‘ri baholay olishi kerak.

Garchi deputat sifatida samarali faoliyat olib bordim, deb o‘ylasam-da, bu faoliyatda davom etish o‘zim uchun ham, saylovchilar uchun ham manfaatli bo‘lmasligini tushunib yetdim. Menimcha, hayotimda o‘zgarishlar qilish, yangi chellenj va imkoniyatlarni qarshi olishning ayni vaqti, deya qayd etadi u.

Shu bois Doniyor G‘aniyev deputatlik mandatini tugatishga, yangi saylovlarda nomzodini ilgari surmaslikka qaror qilgan. Bundan keyingi faoliyatini u Vazirlar Mahkamasida investitsiya yo‘nalishida masʼul xodim sifatida davom ettiradi. G‘aniyev deputatlikdan avval ham shu yo‘nalishda faoliyat yuritgan.

Menga o‘z vakilligini ishongan Marg‘ilon okrugi saylovchilariga, faoliyatimni eʼtirof etib, qo‘llab-quvvatlagan jamoatchilik faollari, OAV vakillari va ko‘plab bloger do‘stlarimizga bildirilgan ishonch va qo‘llov uchun minnatdorchilik bildiraman.

Shuningdek, parlament yig‘ilishlarida har doim o‘z fikrimni aytishga imkoniyat yaratgan Qonunchilik palatasi spikeriga, yalpi va fraksiya yig‘ilishlarida qo‘llab-quvvatlagan hamkasb deputatlarga hamda qonun loyihalarini takomillashtirishda kerak bo‘lsa deputatlardan ham ko‘proq mehnat qiladigan palata devoni xodimlariga ham alohida rahmat aytaman, deydi Doniyor G‘aniyev.

Mashhur yangiliklar