Anhor bog‘ida rejalashtirilgan “lenta-shou” bekor qilindi
Toshkentdagi Anhor parkida rejalashtirilgan “lenta-shou” bekor qilinib, blogerlar tomonidan tarqatilgan videolar o‘chirtirildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 28 iyul kuni Toshkentdagi Anhor parkida osmondan lentalar yog‘ilishi haqida video tarqalgandi. Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi holatni o‘rganib, nazoratga olganini ma’lum qildi. O‘rganishda parkdagi Amfiteatrda “lenta-shou” uyushtirilishi, bunda animatorlar lentalarni aylantirib, tomosha ko‘rsatishi, osmondan lentalar yog‘dirishi aniqlangan.
Vazirlik tashkilotchilariga bu kabi shoular atrof-muhitning ifloslanishiga sabab bo‘lishi, ekologiya uchun zararli ekanini tushuntirganini ta’kidlagan va “lenta-shou” bekor qilinib, blogerlar tomonidan tarqatilgan videolar o‘chirtirilgan.
Vazirlik xiyobonlar, dam olish maskanlari, ko‘ngilochar obektlar mutasaddilarini yuqoridagi kabi atrof-muhitga zarar keltiradigan shoular o‘tkazmaslikka chaqirib, ekologiyaga yetkazilgan har qanday zarar uchun qonunda qat’iy jazo belgilanganini eslatgan.