Respublika YHXBB tomonidan o‘tkazilgan tenderda qonunbuzilish holati aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan IIV YHXBBga nisbatan tender savdo natijasini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan katta miqdordagi tender savdolarida qonunbuzilish holati aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan 2024 yil 10 iyunda boshlang‘ich qiymati 26 mlrd 500 mln so‘mga yaqin o‘tkazilgan tender savdolari yuzasidan murojaat kelib tushgan. O‘rganishda tender savdolari yo‘l belgilari uchun bo‘yoqlar va shisha mahsulotlarni xarid qilish uchun o‘tkazilgani ma’lum bo‘lgan.
Ishni ko‘rib chiqish natijasida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilgan deb topilib, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasiga nisbatan tender savdo natijasini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shuningdek, ushbu qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxsga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikni belgilash masalasi ko‘rib chiqiladi, deyiladi qo‘mita xabarida.
Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga egaligi qo‘shimcha qilingan.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tender savdosi 2024 yil 6 iyul kuni o‘tkazilgan. 26 mlrd 499 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan e’lon qilingan tenderda 25 mlrd 981 mln so‘mlik taklif bilan “AVTOBELGI ROAD MARKING” MChJ g‘olib deb topilgan hamda 11 iyul kuni ushbu korxona bilan shartnoma tuzilgan.
Мавзуга оид хабарлар:
Dorilar narxi asossiz oshirilishi tufayli iste’molchilardan 7 mlrd so‘m ortiqcha to‘lovlar undirilgan AI-80 benzinining boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatildi O‘zbekistonda propan narxi o‘sishiga cheklov o‘rnatildi Kredit reklamasida chalg‘ituvchi ma’lumot bergan bank jarimaga tortildi Raqobat qoʻmitasi “Davr bank”ka nisbatan moliyaviy jarima qoʻlladi