26 Iyul 2024, 08:17 Oʻzbekiston

O‘zbekistondagi doimiy aholi soni maʼlum qilindi

Statistika agentligiga ko‘ra, doimiy aholi sonining eng ko‘p ulushi Samarqand viloyatida qayd etilgan – 4 million 249 ming nafar. Farg‘ona, Qashqadaryoda va Andijon viloyatlari mos ravishda keyingi o‘rinlardan joy olgan.

O‘zbekistondagi doimiy aholi soni maʼlum qilindi

2024-yil 1-iyul holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37 million 134 ming kishini tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, aholining qariyb 18 million 696 ming nafari erkaklar, 18 million 437 ming nafari ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatning shahar aholisi soni 18,9 million kishini, qishloqlardagi aholisi 18,2 million kishini tashkil etadi.

Agentlik maʼlumotiga ko‘ra, respublika aholisining o‘rtacha yoshi 28,5 yosh bo‘lgan. Taqqoslash uchun, 2014-yilda aholi o‘rtacha yoshi 27,3 yosh edi.

O‘zbekistonda mehnatga layoqatli yoshdagi fuqarolar umumiy aholi sonining 56,4 foiziga teng. Shu bilan birga, mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar 32 foiz, mehnatga layoqatli yoshdan kattalar 11,6 foiz.

Doimiy aholi sonining eng ko‘p ulushi Samarqand viloyatida qayd etilgan –4 million 249 ming nafar. Bu butun O‘zbekiston aholisining 11,4 foizi degani. Shuningdek, Farg‘ona (4,1 million kishi), Qashqadaryoda (3,6 million kishi), Andijon (3,4 million kishi) va Namangan (3,1 million kishi) viloyatlarida nisbatan ko‘p aholi istimoqmat qiladi.

Doimiy aholisi sonining ulushi eng kam hudud Sirdaryo viloyati bo‘lib, u yerda 922,1 ming kishi yashamoqda. Navoiy (1,1 million kishi), Jizzax (1,5 million kishi), Xorazm (2 million kishi) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (2 million kishi) nisbatan kam aholi istiqomat qiladi.

Mashhur yangiliklar