Belarus SHHTning oʻninchi aʼzosi boʻldi
Hozirda Afgʻoniston va Mongoliya SHHTda kuzatuvchi davlatlar boʻlib qolmoqda.
Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlarining 4-iyul kungi Ostona sammitida Belarus rasman tashkilot aʼzoligiga qabul qilindi. Shu tariqa, SHHT aʼzolari soni oʻntaga yetdi.
Sammit mezboni, Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev belaruslik hamkasbi Aleksandr Lukashenkoni tabriklab, Belarus SHXT makonida xavfsizlikni mustahkamlashga katta hissa qoʻshishiga ishonch bildirdi. “Aminmanki, bugungi kun Belarus tarixida yorqin sahifa boʻlib qoladi”, dedi Toʻqayev.
Lukashenko bu qarorni qoʻllab-quvvatlagani uchun tashkilotning barcha aʼzolariga minnatdorchilik bildirdi. U oʻz soʻzida Belarusning SHHTga qabul qilingan yil mamlakat fashist bosqinchilardan ozod etilganining 80 yilligiga toʻgʻri kelganiga eʼtibor qaratdi. “Bu belarus xalqiga ajoyib sovgʻa boʻldi”, – dedi u.
Shanhay Hamkorlik Tashkilotiga 2001-yil 15-iyunda Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston tomonidan asos solingan. 2017-yil 9-iyunda Hindiston va Pokiston tashkilot aʼzoligiga qabul qilingan. 2022-yil 16-sentyabrdagi Sammarqand sammitida Eron SHHTga qoʻshilgan, shu kuni kuzatuvchi maqomidagi Belarusni toʻlaqonli aʼzolikka qabul qilish jarayoni boshlangan edi.
Hozirda Afgʻoniston va Mongoliya SHHTda kuzatuvchi davlatlar boʻlib qolmoqda. Yana 14 ta davlat – Turkiya, Ozarboyjon, Armaniston, BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar, Kuvayt, Bahrayn, Misr, Kambodja, Maldiv orollari, Myanma, Nepal va Shri-Lanka tashkilotda muloqot-hamkorlar statusiga ega.
Мавзуга оид хабарлар:
Shavkat Mirziyoyev SHHT davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi Ўзбекистон ва Беларус ТИВ ўртасида маслаҳатлашувлар дастури имзоланди Бахтиёр Саидов Беларус президенти билан учрашди