O‘zbekistonlik og‘ir atletikachilar Qatardagi turnirda ikkinchi o‘rinni egalladi, deya xabar bermoqda MOQ matbuot xizmati.
Qatar poytaxti Doha shahrida og‘ir atletika bo‘yicha 10-Qatar og‘ir atletika kubogi xalqaro turniri yakunlandi. Dunyoning 30 ga yaqin davlatidan eng kuchli atletlar to‘plangan nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Turnir davomida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari 24 ta — 4 ta oltin, 15 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumiy ochkolar bo‘yicha umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. 28 dekabr kuni vatandoshlar Toshkentga qaytib kelishdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik ot sporti bo‘yicha Abu-Dabida o‘tkazilgan turnirda oltin medalni qo‘lga kiritgandi. To‘siqlar balandligi 135 sm bo‘lgan yo‘nalishda Bekzod Qurbonov ushbu muvaffaqiyatga erishdi.






















