O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi JCH-2026`da Portugaliya va Kolumbiya jamoalariga munosib qarshilik ko‘rsatish uchun nimalar zarurligini aytdi
Fabio Kannavaroning ta’kidlashicha, terma jamoaning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi debyuti vazifani qiyinlashtiradi.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida Portugaliya va Kolumbiya ham “K” guruhidan joy olgani haqida fikr bildirdi, deb yozadi Deportes RCN.
Mutaxassisning aytishicha, terma jamoaning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi debyuti vazifani qiyinlashtiradi. Jamoa nafaqat raqiblarning yuqori darajasiga, balki ichki cheklovlarga ham duch kelmoqda.
Biz juda murakkab guruhga tushib qoldik: Portugaliya, Kolumbiya… Federatsiyamiz uchun bu jahon chempionatidagi ilk ishtirok va turnirga tayyorgarlikning o‘zi katta tajribadir, — dedi Kannavaro.
Kannavaro milliy chempionat holatiga alohida to‘xtalib o‘tdi:
Ligamizdagi o‘yinlar shiddati hali top darajadan ancha uzoq. Bu yaxshilanishi kerak bo‘lgan narsa. Ammo mamlakat uchun jahon maydoniga chiqishning o‘zi tarixiy qadamdir.
Fabio Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasi qanday yo‘l tutishini ham aytib o‘tdi:
Bunday raqiblarga qarshi individual harakatlar ish bermaydi. Biz yagona mexanizm sifatida harakat qilishimiz kerak. Futbol — bu jamoaviy o‘yin va faqat shu yo‘l bilan biz Kolumbiya va Portugaliyaga nimanidir qarshi qo‘yishimiz mumkin.
Izohlar