3 Oktabr 2024, 16:46 Oʻzbekiston

Yangiyoʻlda fuqaro uyida boqayotgan zaharli kobralarni koʻchaga qoʻyib yubordi

Yangiyo‘l tumanining Tuyabo‘g‘iz qishlog‘ida fuqaro uyida noqonuniy saqlayotgan 30 dan ortiq kobra ilon ochiqlikka qo‘yib yubordi.

Yangiyoʻlda fuqaro uyida boqayotgan zaharli kobralarni koʻchaga qoʻyib yubordi

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani “Tuyabo‘g‘iz” MFY hududida fuqaroning xonadonida saqlangan kobra ilonlar qo‘yib yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.

2-oktyabr kuni tuman Ekologiya bo‘limi, tuman Ichki ishlar bo‘limi, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi, tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, tuman Obodonlashtirish bo‘limi xodimlari hamda MFY raisi va faollardan iborat ishchi guruh tuzilgan.

Aniqlanishicha, “Tuyabo‘g‘iz” MFY hududida yashovchi 1980-yilda tug‘ilgan fuqaro N.Y. o‘zi yashayotgan xonadonida 30 dan ortiq Osiyo kobra ilonlarini tegishli ruxsatnomalarsiz saqlab kelgan. Noma’lum sabablarga ko‘ra, fuqaro N.Y. xonadonida saqlanayotgan ilonlar ochiqqa qo‘yib yuborilgan. Bu holat mahalliy aholi tomonidan aniqlanib, ikkita kobra iloni tutib o‘ldirilgan.

Qayd etilishicha, hozirda ishchi guruh tomonidan shu yaqin atrofda yashovchi aholi xonadonlarida dorilash ishlari olib borilib uy hayvonlarini vaqtincha tutqunlikda saqlab turish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Fuqaroga nisbatan IIB xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar