
“Xottabich” muzqaymoq ishlab chiqaruvchisi qoidabuzarliklarni bartaraf etishdan bosh tortdi
Shakarsiz plombirda yuqori miqdorda shakar va ichak tayoqchasi aniqlandi.

Sifatsiz “Xottabich” muzqaymogʻini ishlab chiqaruvchi korxona sanitariya-epidemiologik qoidabuzarliklarni bartaraf etishdan bosh tortdi, deb xabar bermoqda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi matbuot xizmati.
2024-yil 15-avgustda oʻtkazilgan tekshiruv jarayonida “X HASANBOY VA XOLOD” korxonasining “Xottabich” muzqaymogʻi sanitariya-epidemiologiya talablariga javob bermasligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi SanQvaN №0366-19 va “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi gigiyenik qoidalari”ni buzayotgani aniqlandi.
Mahsulot sifatini baholash boʻyicha oʻtkazilgan ekspertiza mahsulotning standartlarga mos kelmasligini tasdiqladi. 2024-yil oktyabrda Qoʻmita kompaniyaga nisbatan koʻrsatma chiqarib, qoidabuzarliklarni bartaraf etishni yukladi. Biroq ishlab chiqaruvchi ushbu farmoyishni haqiqiy emas deb topish uchun sudga murojaat qildi.
2025-yil fevralda Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudi kompaniyaning daʼvosini rad etib, Qoʻmitaning 2024-yil oktyabrdagi qarorini oʻz kuchida qoldirdi. Shuningdek, ishlab chiqaruvchiga sifatsiz mahsulot sotish orqali olingan 64 million soʻmni isteʼmolchilarga qaytarish majburiyati yuklandi.
Soʻnggi yangiliklar







