Vizasiz tartib, savdo, madaniyat: O‘zbekiston Iordaniya bilan nimalar haqida kelishib oldi?
Iordaniya qiroli davlat rahbarini mamlakatga javob tashrifi bilan kelishga taklif qildi.

Samarqand shahridagi Kongress markazida Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, tomonlar Sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot, shuningdek, yana 15 ta ikki tomonlama hujjat qabul qildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Diplomatik munosabatlar tarixidagi ilk oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi va uni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va ko‘p qirrali amaliy hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani, ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyasi o‘xshashligi qayd etildi. Yetakchilar samarali hamkorlikni mamnuniyat bilan qayd etib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni faol davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
Ikki mamlakat yetakchilari o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi hamda kimyo va to‘qimachilik sanoati, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, geologiya, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashini ishga tushirish, joriy yil oxirigacha ularning ilk yig‘ilishlarini o‘tkazish taklif qilindi. Ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va ishlab chiqaruvchilari ishtirokida O‘zbekiston — Iordaniya biznes forumining o‘tkazilishi ishbilarmon doiralar o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qiladi.
Tomonlar umumiy ma’naviy merosni birgalikda o‘rganish sohasida hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat islomshunoslik tadqiqot markazlari va institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar. Tomonlar bag‘rikeng va ma’rifatli islom g‘oyalarini birgalikda ilgari surish zarurligi haqida yakdil fikrga keldilar. Xususan, davlatimiz rahbari Qirol Abdulla II tomonidan 10 yil avval boshlangan “Aqaba jarayoni” tashabbusini yuqori baholab, ushbu muhim tashabbusning navbatdagi yig‘ilishlaridan birini Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif etdi.
Ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi va vizasiz tartibning joriy etilishi ishbilarmonlik aloqalarining o‘sishi va o‘zaro sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilishi, uning doirasida ikki davlat rahbarlari viza talablarini bekor qilish to‘g‘risidagi bitimni imzolagani ta’kidlandi. Bundan tashqari, tomonlar 15 ta ikki tomonlama hujjatni imzoladi, xususan:
- Ekstraditsiya to‘g‘risida bitim;
- Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida bitim;
- Qo‘shma komissiya tuzish to‘g‘risida bitim;
- Viza talablarini bekor qilish to‘g‘risida bitim;
- Turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
- Tovarlar va transport vositalari harakati to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlarni onlayn almashish to‘g‘risida bayonnoma;
- Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- O‘simliklar karantini va himoyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Veterinariya sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida memorandum;
- din ishlari bo‘yicha anglashuv to‘g‘risida idoralararo memorandumlar;
Bundan tashqari, yetakchilar huzurida Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha Amaliy tadbirlar rejasi imzolandi. Muzokaralar yakunida tomonlar global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar, so‘ng Podshoh Abdulla II ibn al-Husayn davlatimiz rahbarini Iordaniyaga tashrif bilan borishga taklif etdi.
Avvalroq Iordaniyadan Toshkentga charter reys yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. Chegarani kesib o‘tishda amaldagi pasport va barcha kerakli hujjatlarni o‘zi bilan olib yurishi kerak.
Izohlar