Sherzod Qudratxo‘ja toshkentliklarni viloyatlik talabalarni uyiga kiritishga chaqirdi — video
Jurnalistika universiteti rektori yotoqxonalarda o‘rinlar butunlay yetishmayotgan bir paytda shunday taklif bilan chiqdi.

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja toshkentliklarni viloyat talabalarini qabul qilishga chaqirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yotoqxonalarda umumiy o‘rinlar yetishmovchiligi muammolari yildan-yilga yuzaga kelmoqda. Hamma oliygohlar ham o‘z talabalarini yotoqxona bilan ta’minlay olmaydi. Rektorning aytishicha, o‘zi ham o‘qish davrida uysiz qolgan uch talabani uyiga olib ketgan.
“Do‘stlar, uyingizda bo‘sh turgan yoki joylashish mumkin bo‘lgan bir xonangiz bo‘lsa ham, qora ko‘zlarimiz uchun uy eshiklaringizni ochishingizni so‘rayman. Zaxiradagi uylaringiz yoki katta hovlilaringiz bo‘lsa, talabalarni qabul eting. Talaba kirgan joyga fayz kiradi, bilim, ilm-ma’rifat kiradi. U sizni og‘iringizni yengil qiladi, yumushlaringizga qarashadi, sizga sherik, hamsuhbat bo‘ladi. Shunday ekan, mehribon bo‘linglar, bag‘rinkeng bo‘linglar”, — dedi rektor.
Rektorning so‘zlariga ko‘ra, universitetda jami 350 o‘rin mavjud. 220 nafar talaba joylashtirildi, yana 100 ga yaqin talaba navbatda turibdi. Vaholanki, ehtiyojmandlarning umumiy soni 1200 nafarni tashkil etadi.
“Yotoqxona imkoniyatlari cheklangan, shuning uchun men Toshkent aholisiga, ayniqsa markazga yaqin joyda yashovchilarga murojaat qilmoqdaman. Hammamiz bir paytlar Toshkentga kelib, bu yerning nonini yeganmiz. Bugun oramizda akademiklar, vazirlar, rahbarlar bor. Toshkent — talabalar shahri. Shuning uchun, qiz yoki yigit talabalarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan barchadan javob berishlarini so‘rayman. Shaxsan men allaqachon uchta talabani qabul qildim. Ularni qo‘llab-quvvatlashingizni, uy-joy masalasida yordam berishingizni iltimos qilaman”, — dedi Qudratxo‘ja.
Eslatib o‘tamiz, prezident talabalarni zamonaviy yotoqxonalar bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriq bergandi. Bunday inshootlar to‘liq “yashil energiya”ga o‘tkaziladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda oliy o‘quv yurtlarining 30 mingdan ortiq talabasi zamonaviy yotoqxonalarga joylashtiriladi.
Izohlar