3 Dekabr 2024, 11:24 Oʻzbekiston

Samarqandda bogʻcha va maktab oʻquvchilari xavfsizligiga zid ravishda “ilon oʻyini” tomoshasi oʻtkazilgani aniqlandi

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilib, vaziyatga huquqiy baho berish yuzasidan qonuniy choralar koʻrilmoqda.

Samarqandda bogʻcha va maktab oʻquvchilari xavfsizligiga zid ravishda “ilon oʻyini” tomoshasi oʻtkazilgani aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda MTM tarbiyalanuvchilari koʻz oʻngida boʻgʻma ilon bilan “ilon oʻyini” tomoshasi oʻtkazilgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Bolalar ombundsmanining xabar berishicha, holat IIV tomonidan oʻrganilgan.

Mazkur holat alohida nazoratga olinib, Bolalar ombudsmanining taʼlim muassasalarida tarbiyalanuvchilar va oʻquvchilar xavfsizligiga zid ravishda yovvoyi jonzot vositasida oʻtkazilgan bunday sirk tomoshasi holatiga huquqiy baho berish toʻgʻrisidagi soʻrovi asosida holat IIV tomonidan oʻrganildi, deyiladi xabarda.

Aniqlanishicha, joriy yilning 24-oktyabrida Qoʻshrabot tumanida joylashgan maktabgacha taʼlim muassasasida Ishtixon tumanida yashovchi B.M. va I.B. 60 nafarga yaqin tarbiyalanuvchilarining koʻz oʻngida boʻgʻma ilon (Qizil kitobga kiritilgan, noqonuniy ravishda saqlangan yoʻlbars pitoni — uzunligi 2,50 metr) bilan sirk tomoshasini namoyish qilishgan.

B.M. faoliyat yurituvchi MCHJda Qoʻshrabot tumani hududida 2024-yil 31-dekabrgacha zamonaviy sirk tomoshalarini oʻtkazish uchun ruxsatnoma boʻlsada, unda ilon oʻyini koʻzda tutilmagan.

Tekshirish davomida ushbu shaxslar pul evaziga tumandagi 8 ta maktabda ham mazkur boʻgʻma ilon tomoshasini oʻtkazgani aniqlandi. Ularda jami 840 nafar oʻquvchi tomoshabin boʻlib ishtirok etgan.

26-noyabrda noqonuniy saqlangan yoʻlbars pitoni mutaxassislar ishtirokida hujjatlashtirilib, viloyat ekologiya boshqarmasiga tegishli tartibda topshirilgan.

Qoʻshimcha qilinishicha, hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilib, vaziyatga huquqiy baho berish yuzasidan qonuniy choralar koʻrilmoqda.

Mashhur yangiliklar