O‘zbekiston

O‘zbekistonda tyutorlarga talablar belgilandi

Nomzodlar namunali shaxsiy fazilatlarga ega bo‘lishi kerak.

Фото: Ситуативное

O‘zbekistonda OTMlarda tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi tasdiqlandi, shuningdek, ularga qo‘yiladigan vazifalar va talablar belgilandi, deb yozadi Norma.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tyutorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun nomzodlar bakalavr darajasida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi kerak bo‘ladi, bunda ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega bo‘lgan fuqarolarga ustunlik beriladi. Shuningdek, nomzodlar qonun hujjatlariga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilmagan bo‘lishi hamda ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar metodikasi va amaliyotini chuqur bilishi, pedagogik va psixologik bilim va tajribaga ega bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, fuqarolar namunali shaxsiy fazilatlarga, jumladan, madaniyat, mas’uliyat, faollik, vatanparvarlik va tashabbuskorlikka ega bo‘lishlari kerak. Qayd etilishicha, tyutorlik mehnat faoliyatining asosiy turi hisoblanadi. Tyutorlarning vazifalari orasida talabalarning ta’lim jarayoniga moslashishiga ko‘maklashish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishni ta’minlash, yotoqxonalarda yashash sharoitlarini nazorat qilish va boshqalar belgilangan.

Har bir tyutorga 120 nafardan 150 nafargacha kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 1-3-bosqich bakalavriat talabalari biriktirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, rasmiylar tyutorlar faoliyati samaradorligini baholash tizimini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda OTMlarni moliyalashtirish ballarga bog‘liq bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Muassasalar ularni bir necha toifa bo‘yicha olishlari mumkin bo‘ladi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная