4 Dekabr 2024, 12:35 Oʻzbekiston

Andijonda maktab o‘quvchilari “qizil toifa”ga ajratildi

Xo‘jaobod tumani IIB boshlig‘i 3-sektor hududidagi maktablarning 18 nafar “qizil toifa”dagi o‘quvchilari bilan uchrashdi.

Andijonda maktab o‘quvchilari “qizil toifa”ga ajratildi

28 noyabr kuni Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Rustam Jaloldinov 3-sektor hududidagi maktablarning ayrim o‘quvchilar bilan uchrashdi.

Bu haqda xabar bergan tuman hokimligi matbuot xizmati uchrashuv “qizil toifadagi” o‘quvchilar bilan bo‘lganini yozgan.

Xo‘jaobod tumani 3-sektor hududida joylashgan maktablardagi 18 nafar qizil toifadagi o‘quvchilar bilan tuman IIB boshlig‘i Rustam Jaloldinov va Xalq qabulxonasi mudiri D.Komiljonovlar tomonidan kelgusida o‘quvchilarni qiziqishlari bo‘yicha suhbat tashkil etildi, deyiladi hokimlik xabarida.

Rasmiylarga ko‘ra, uchrashuvda o‘quvchilar bilan “maktabdan keyingi mustaqil hayotdagi rejalari haqida” birma-bir suhbat olib borilgan va kerakli tavsiyalar berilgan.

Xabarga ilova qilingan suratlarda ro‘mol o‘ragan o‘quvchi qizlar (9 nafar) va bir necha yigitni ko‘rish mumkin. “Suhbatda” bir qancha mas’ullar ham qatnashgani ko‘rinadi.

Tuman hokimligi o‘z xabarida voyaga yetmagan bolalar “qizil guruhda” ekanini qayd etish bilan ularga salbiy bo‘yoq bergan, suratlarda ularning yuzlari ochiq holda qoldirgan.

Bolalar qaysi xususiyatiga ko‘ra “qizil guruh”ga kiritilganiga izoh berilmagan.

Mashhur yangiliklar