Toshkentda bolakay bog‘chaning ikkinchi qavatidan tushib ketdi
Jabrlangan bola qo‘l va yuz suyaklari singan holda shifoxonaga yotqizilgan.

Toshkentda tarbiyachilar e’tiboridan chetda qolgan 5 yoshli bola bog‘chaning ikkinchi qavatidan yiqilib, tan jarohati oldi. MMTB holatga izoh berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 30-iyun kuni Chilonzor tumanidagi 7-sonli davlat bog‘chasida sodir bo‘lgan. Tarbiyachilarning nazoratsiz qolgan bola ikkinchi qavatdan yiqilib tushgan. Muassasa hamshirasi bolaga birinchi yordam ko‘rsatib, shahar shifoxonasining bolalar bo‘limiga olib borgan.
Tekshiruvdan so‘ng shifokorlar bolada ikkala qo‘l kaftining sinishi, burun suyaklarining sinishi, yuqori jag‘ tishlarining alveolyar o‘siqlarining sinishi tashxisini qo‘yishdi. Og‘ir ahvoldagi jabrlanuvchi bola intensiv terapiya bo‘limiga yotqizilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman IIB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Buxoro viloyatida tarbiyachining e’tiborsizligi oqibatida bola tok urishi oqibatida vafot etgani haqida xabar berilgandi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Izohlar