Toshkent metropoliteni Telegram kanalni tuhmat uchun sudga berish bilan tahdid qildi
Administrator poyezdlarning kechikishi va metro tirbandligidan shikoyat qilgandi.

25-iyun kuni Generalissimus Telegram kanalida metroda poyezdlar harakati sekinlashgani haqida shikoyat qilindi. Metropoliten hodisaga izoh berdi.
Telegram kanal ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent metrosida yo‘lovchilar ko‘pligi sababli poyezdlarning kechikishi va tirbandlik holatlari ko‘paygan.
“Har kuni ishdan uyga qaytganimda 5 ta poyezdni o‘tkazib yuborishimga va 6- yoki 7-poyezdga zo‘rg‘a chiqishimga to‘g‘ri keladi. Odamlar juda ko‘p, poyezdlar orasidagi interval katta, shuning uchun tirbandliklar yuzaga kelmoqda. Ertalab buni amalga oshirish mumkin, ammo kechqurun fuqarolar ishdan uyga qaytishda qiynaladi”, — deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan Toshkent metropoliteni Telegram kanalni tuhmat, haqorat, yolg‘on ma’lumot tarqatish va raqobatchini obro‘sizlantirishda ayblanib, sudga tortilishi bilan tahdid qildi. Qayd etilishicha, har bir yo‘nalishda poyezdlar harakati yo‘lovchilar oqimini hisobga olgan holda jadval asosida amalga oshirilmoqda, tig‘iz vaqtlarda esa qo‘shimcha poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda.
“Kanal “Beruniy” metro bekati tasviri tushirilgan yolg‘on ma’lumotni tarqatgan. Mas’ul xodimlar bir oy davomida “Beruniy” bekatidagi holatni to‘liq o‘rganib chiqdi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ushbu stansiyada bunday holatlar sodir bo‘lmaganligi aniqlandi. Ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va jamoatchilik oldida tashkilotning obro‘siga putur yetkazadi”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, “Toshkent metropoliteni” DUK ma’muriyati kanal mas’ullariga yuqoridagi holatlarni birgalikda tekshirishni taklif qildi. Tekshiruv davomida xabarda keltirilgan ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmasa, “Toshkent metropoliteni” DUK tegishli davlat organlariga murojaat qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
Izohlar