Buxoro amirligi davriga oid tangalar xorijga olib chiqilishining oldi olindi
Qarshi aeroportida 116 dona qadimiy tangani Rossiyaga olib ketmoqchi bo‘lgan fuqaro qo‘lga olindi.
Bojxonachilar Qashqadaryo viloyatidagi Qarshi aeroporti orqali qadimiy tangalarni olib chiqishga urinishning oldini oldi, deb xabar berdi Bojxona qo‘mitasi viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.
Fuqaro X.X. HY-9623 reysi bilan Moskvaga uchishni rejalashtirgan. Uning qo‘l yukini rentgenologik tekshiruvdan o‘tkazish, so‘ngra xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘zdan kechirish chog‘ida yo‘lovchida deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan tarixiy-madaniy ahamiyatga ega, kamida 50 yillik 116 dona metall tanga borligi aniqlangan.
Olib qo‘yilgan tangalar Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyiga topshirildi. Madaniy meros agentligi xulosasiga ko‘ra, tangalar orasida Buxoro amirligi davriga oid ekzemplyarlar ham bor.
Holat yuzasidan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, materiallar sudga taqdim etildi.