10 Oktabr 2024, 08:52 Oʻzbekiston

Qashqadaryoda o‘qituvchi 5-sinf bolani kaltakladi

Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi izoh berdi.

Qashqadaryoda o‘qituvchi 5-sinf bolani kaltakladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz tumanidagi 33-maktab o‘quvchisi kaltaklangani aytilgan xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati izoh berdi.

Aniqlanishicha, 9-oktyabr kuni Shahrisabz tuman 33-umumiy o‘rta taʼlim maktabida soat 10:30 larda maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi U.S.(ayol kishi) 5-“b” sinf o‘quvchisi M.P.ga maktabdagi “boshqa o‘quvchilarga hurmatsizlik qilma” deb taʼkidlagandan keyin o‘quvchi o‘qituvchini haqoratlamoqchi bo‘lgan.

Maktab maʼmuriyatiga ko‘ra, o‘qituvchi U.S. o‘quvchini maʼnaviyat xonasiga olib borishga uringanda qo‘li bexosdan o‘quvchining burniga tegib ketgan. Oqibatda burun sohasidan qon kelgan. Shundan so‘ng o‘quvchi M.P. onasini mazkur taʼlim tashkilotiga olib kelgan va o‘qituvchi U.S. hamda M.P.ning onasi o‘rtasida janjal sodir bo‘lgan.

Holat yuzasidan maktab direktori tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan. Hozirda o‘qituvchining murojaati Shahrisabz tuman IIB masʼullari ishtirokida atroflicha o‘rganilmoqda.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarma boshlig‘i topshirig‘iga ko‘ra masʼul xodimlar o‘quvchi holidan xabar olgan.

Bolalar ombudsmani mazkur holatni o‘rganayotganini maʼlum qildi.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ingliz tili o‘qituvchisi bolaning yuziga urgan. Voyaga yetmagan M.P. tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, unda quloq, burun va yuz sohasida jarohat aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mashhur yangiliklar