Turkiyada 4 yil tutqunlikda saqlangan o‘zbekistonlik ayol qutqarildi
Turkiyaning Ushoq shahrida 4 yil tutqunlikda saqlangan 42 yoshli o‘zbekistonlik ayol qutqarildi.
Turkiyada 2020-yildan beri tutqunlikda ushlab turilgan O‘zbekiston fuqarosi qutqarildi, deya xabar qildi O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi.
Ma’lum qilinishicha, bosh konsulxonaga Tashqi ishlar vazirligi orqali Qarshi shahridan 21 yoshli fuqaro o‘z onasining Istanbulga 4 yil oldin ketgani, 3 yildan beri aloqaga chiqmayotganini aytib, onasini topish va vatanga qaytarishda yordam so‘ragan murojaati kelib tushgan.
Olib borilgan tekshirishlar natijasida 1982-yil Qarshi shahrida tug‘ilgan X.D. Turkiyaning Ushoq shahrida ekani, 2020-yildan buyon Turkiya fuqarosi M.G. tomonidan erkiga xilof ravishda tutqunlikda ushlab turilgani aniqlandi.
2024-yilning 27-avgust kuni bosh konsulxona, Tashqi mehnat migratsiyasining Istanbul shahridagi vakili, “O‘zbek ayollari huquqlarini himoya qilish” jamiyati va Turkiya Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tezkor tadbir tashkil etilgan.
Natijada o‘zbekistonlik ayol hayotiga va sog‘ligiga ziyon yetkazilmagan holda qutqarilib Ushoq shahar ichki ishlar boshqarmasiga yetkazilgan.
Turkiya qonunchiligiga binoan shaxsni erkiga xilof ravishda tutqunlikda saqlagani uchun M.G.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
X.D.ni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar boshlangan.
Мавзуга оид хабарлар:
Rossiyadagi qurilishda o‘zbekistonlik ishchi halok bo‘ldi AQShda qancha o‘zbekistonlik talaba tahsil olayotgani aytildi Turkiyada qarindoshi tomonidan fohishalikka majburlangan qiz O‘zbekistonga qaytarildi O‘zbekistonlik erkak Rossiyada odam o‘g‘irlab, pul talab qilishda ayblanmoqda Polshada YTHga uchragan O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatildi