3 Dekabr 2024, 08:17 Sport

MOQ Toshkent-2025 bekor qilingani yuzasidan bayonot berdi

Qayd etilishicha, bu Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Sport vazirligining murojaati asosida amalga oshgan.

MOQ Toshkent-2025 bekor qilingani yuzasidan bayonot berdi

Avvalroq Toshkentda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan 2025-yilgi III Osiyo yoshlar oʻyinlari mezbonligi Bahraynga oʻtkazilgani haqida xabar berilgandi. Mazkur holat yuzasidan Milliy olimpiya qoʻmitasi rasmiy bayonot bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, bugun, 2-dekabr kuni Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Ijroiya qoʻmitasining yigʻilishi boʻlib oʻtgan. Onlayn formatda tashkil etilgan majlis kun tartibidan Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Sport vazirligining murojaatini koʻrib chiqish ham oʻrin olgan.

Pandemiyadan keyingi cheklovlar sababli Olimpiya shaharchasi qurilishi uchun zarur vositalar yetkazish jarayonida uzilishlar kuzatilgani va foydalanishga topshirish muddati kechikishini inobatga olgan holda Oʻzbekiston tomoni OOKdan III yoshlar Osiyo oʻyinlari muddatini yana bir yilga surishni soʻragan.

Biroq Olimpiya sport turlaridagi bellashuvlar kelgusida Dakar-2026 oʻsmirlar yozgi Olimpiya oʻyinlariga saralash vazifasini bajarishi nazarda tutilgani bois OOK III yoshlar Osiyo oʻyinlari 2025-yilda tashkil etilishi muhimligini bildirgan.

Shu tufayli, OOK III yoshlar Osiyo oʻyinlari mezbonligini Bahraynga topshirgan va Oʻzbekistonga Islom birdamligi oʻyinlari yoki Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlari kabi kattalar miqyosidagi yirik kompleks tadbirlarni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrishni tavsiya qilgan.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston ommaviy sport va olimpiya harakatini rivojlantirishga sodiq qolmoqda. Shu maʼnoda, Olimpiya shaharchasini barpo etish, undan unumli foydalanish va uning negizida sportimizni yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha Prezidentimiz tomonidan berilgan barcha topshiriqlar ijrosi taʼminlanadi va kelajakda bu majmua yirik sport tadbirlarini oʻtkazishga har tomonlama tayyor boʻladi, deyiladi bayonotda.

Mashhur yangiliklar