5 Avgust 2024, 10:19 Sport

Isroil Madrimov chempionlik jangida Terens Kroufordga mag‘lub bo‘ldi

O‘zbekistonlik bokschi Isroil Madrimov to‘liq davom etgan jangda chempionlik kamarini Terens Kroufordga boy berdi.

Isroil Madrimov chempionlik jangida Terens Kroufordga mag‘lub bo‘ldi

O‘zbekiston vaqti bilan 4-avgust tongida AQSHning Los-Anjeles shahrida katta professional boks oqshomi tashkil etildi.

Ushbu oqshomning markaziy jangida Isroil Madrimov hamda amerikalik Terens Krouford birinchi o‘rta vazn toifasida WBA kamari uchun to‘qnash keldi.

Dastlabki raundlarda bokschilar bir-birini o‘rganishga harakat qilgan bo‘lsa, keyingi raundlarda ikkalasi ham bir qancha xavfli zarbalarni almashtirishga muvaffaq bo‘ldi. So‘nggi raundlarda o‘zbekistonlik bokschi bir qancha xavfli zarbalarni yo‘lladi. 11-raundda esa Krouford faollikni oshirdi.

Yakunda hakamlar ochkolar evaziga (116-112, 115-113, 115-113) Terens Kroufordning g‘alabasini e’lon qildi.

Terens Krouford bunga qadar professional ringda o‘tkazgan 40 ta jangining barchasida g‘alaba qozongan. G‘alabalarining 31 tasiga nokaut orqali erishgan edi.

Madrimov esa oldingi jangida 8-mart oqshomida Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida rossiyalik Magomed Kurbanovni 5-raundda nokautga uchratib, WBA kamarini qo‘lga kiritgandi.

Mashhur yangiliklar