29 Avgust 2024, 10:15 Sport, Oʻzbekiston

Bahodir Jalolov va Hasanboy Do‘smatovning harbiy unvonlari muddatidan oldin ko‘tarildi

Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi bo‘lgan har ikki bokschiga muddatidan oldin podpolkovnik unvonlari berildi.

Bahodir Jalolov va Hasanboy Do‘smatovning harbiy unvonlari muddatidan oldin ko‘tarildi

Milliy gvardiya qoʻmondoni general mayor Rustam Joʻrayev “Parij-2024” Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari kapitan Bahodir Jalolov va kapitan Hasanboy Doʻsmatovga muddatidan oldin podpolkovnik harbiy unvonlarini topshirdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Tantanali tadbir davomida Milliy gvardiya qoʻmondoni buyrugʻi bilan “Parij-2024” XXXIII yozgi Olimpiada oʻyinlarida munosib ishtirok etgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari, ularning murabbiylari hamda gʻoliblarning ota-onalari ragʻbatlantirildi.

Jumladan, Milliy gvardiyaning “Aʼlo xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni va esdalik qimmatbaho sovgʻasi bilan, Milliy gvardiyaning Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi harbiy xizmatchisi kapitan Bahodir Jalolov hamda Milliy gvardiyaning Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi harbiy xizmatchisi kapitan Xasanboy Doʻsmatov taqdirlandi. Shuningdek, har ikki bokschining onalari Milliy gvardiya esdalik qoʻl soati bilan taqdirlandi.

Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Toʻlqin Qilichev, Oʻzbekiston terma jamoasi katta murabbiyi Rahmatjon Roʻzioxunov hamda boks boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi, Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan oʻquv markazi katta oʻqituvchisi podpolkovnik Elshod Rasulov “Milliy gvardiya fidoyi xodimi” koʻkrak nishoniga munosib koʻrildi.

Bundan tashqari, Milliy gvardiya shaxsiy tarkibi orasida oʻzlarining sadoqati, jasorati va mardligi bilan oʻrnak boʻlib, ustoz-shogird anʼanalariga muvofiq harbiy xizmatchilar va yoshlar orasida sportni targʻib qilishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun, kapitan Bahodir Jalolov va kapitan Hasanboy Doʻsmatovga Qurolli Kuchlar Oliy bosh qoʻmondonining ruxsati bilan navbatdan tashqari podpolkovnik harbiy unvoni muddatidan oldin berildi.

Mashhur yangiliklar