Superkompyuter O‘zbekistonning 2026-yilgi Jahon chempionatida g‘alaba qozonish imkoniyatini baholadi
Favoritlar ro‘yxatida Ispaniya yetakchilik qilmoqda.

Opta superkompyuteri milliy terma jamoalarning JCH-2026da g‘alaba qozonish ehtimoli bo‘yicha yangilangan prognozlarni e’lon qildi.
Tizim hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning imkoniyatlari atigi 0,2 foizga baholanmoqda — bu turnirdagi eng past o‘rinlardan biri. Favoritlar ro‘yxatida 17 foiz ko‘rsatkich bilan Ispaniya yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlardan Fransiya (14,1 foiz) va Angliya (11,8 foiz) joy oldi. Amaldagi jahon chempioni — Argentina 8,7 foiz ehtimollik bilan atigi to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etadigan O‘zbekiston minimal imkoniyatga ega jamoalar qatoridan joy oldi. Tahlilchilar Eron, Avstraliya, Tunis, Shotlandiya va Janubiy Afrika Respublikasida ham xuddi shunday ko‘rsatkichlarni qayd etgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ishtirokchilarning yarmidan ko‘pida (26 ta terma jamoa) turnirda g‘alaba qozonish ehtimoli 1 foizga ham yetmaydi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH futbol bo‘yicha jahon chempionatiga o‘zbekistonlik muxlislarni kiritmasligi mumkin. Uchrashuv uchun sotib olingan chipta viza sifatida ko‘rib chiqilmaydi va viza protseduralarining o‘zi soddalashtirilmaydi.
Izohlar